Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING KONSTITUTSIYA KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum,
qadrli zarafshonliklar,
aziz hamshaharlar!

    Siz, azizlarni, Sizlarning timsolingizda shahrimiz fuqarolarini mamlakatimiz hayotidagi ulug‘ tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Hurmatli Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi, shu bois, “Avval – inson, keyin  jamiyat va davlat”, degan g‘oyani qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.  Joriy yilning 30-aprel sanasida xalqimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashlari asosida umumxalq referendumi orqali Bosh Qomusimiz yangi tahrirda qabul qilindi.  “Inson - jamiyat – davlat” tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonga xos bo‘lgan, yangilangan Konstitutsiyadagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshib, 65 foizga yangilandi. Unda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy davlat barpo etish g‘oyasini mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini  rivojlantirish, insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab qo‘yildi. Aytish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. 
Har qanday davlatning Konstitutsiyasi unda istiqomat qilayotgan xalqning irodasini, milliy ruhiyatini, ijtimoiy ongi va siyosiy-huquqiy madaniyatini aks ettiradi. Mamlakatni yanada taraqqiy toptirish, jamiyat hayotini demokratlashtirishning yaqin yillarga mo‘ljallangan dasturi belgilangan bu konsepsiya  tarixiy ahamiyatga molik hujjatdir. 
Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizda o‘tgan davr mobaynida davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar,  jamiyatimizni yanada taraqqiy toptirish uchun kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Mamlakatimiz uchun nihoyatda muhim vazifalarni hal etishda davlat hokimiyati tarmoqlarini, xususan, parlamentni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalarning rolini oshirish, mamlakatimizda sud-huquq tizimini, saylov qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, shuningdek, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.Biz bugungi bayram arafasida mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan yo‘lga, amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlar ekanmiz ko‘nglimizda albatta faxr va iftixor tuyg‘ulari uyg‘onishi muqarrar. 
Zero, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni ma’lum ma’noda shahrimiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da shahrimizdagi ta’lim muassasalarida bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga qabul ko‘rsatkichi  81 % ni tashkil etdi. Aholiga tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida sohadagi islohotlar natijasida shahrimizda ilk bor buyrak ko‘chirish amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Mahallalarda aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelgan muammolar o‘z yechimini topmoqda. Xususan, “Obod xonadon-Obod ko‘cha-Obod mahalla” mezonlari asosida Yangi Zarafshon mahallasining  infratuzilmasi yaxshilanmoqda. Shahrimizda yirik investitsion loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasidagi birinchi shamol turbinasi o‘rnatildi. Mahalliy va xorijiy investitsiyalar ishtirokida qurib, ishga tushgan “Strong Plaza” zamonaviy mehmonxonasi “ZARAFSHON OYNA” korxonasida yangidan yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Aholini zamonaviy turar joylar bilan ta’minlash maqsadida 13-14-19-kichik tumanlarda 200 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joylar qurilish ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, yakunlanayotgan yilda erishilgan  natijalar yaqinlashib kelayotgan yangi yilda  bizni yuqori marralar sari undaydi.  
Aziz va muhtaram hamshaharlar!
Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Konstitutsiyaga hurmat va mehr Vatanga, o‘z xalqiga sadoqatni keltirib chiqaradi. Bu esa hayotimizning mezoni bo‘lgan Konstitutsiyani chuqur o‘rganishni, uning ma’nosiga yetib, hayotimizning doimiy qo‘llanmasiga aylantirishimiz zarur. 
       Sizlarni yana bir bor bugungi qutlug‘ bayram bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, bayram shukuhi fayzli, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech