Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING TIBBIYOT XODIMLARI KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum,
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Aziz soha fidoyilari!

Shahrimiz aholisining salomatligini asrashdek mas’uliyatli va sharafli yo‘lda o‘zini ayamasdan, fidokorona mehnat qilayotgan Siz, azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

   Hurmatli Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, tibbiyot xodimlarining sharafli va mas’uliyatli mehnatini e’zozlash bilan bir qatorda  samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlarining  kasb bayrami sifatida nishonlanishi soha xodimlariga qaratilgan  yuksak e’tibor namunasidir. 

Bugungi kunda shahrimizda shahar Tibbiyot birlashmasi, "NKMK Jamg‘armasi" davlat muassasasiga qarashli Tibbiy-sanitariya qismi, Zarafshon shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi, viloyat tumanlararo ftiziatriya dispanseri, Tumanlararo O‘lat profilaktikasi markazi hamda 3 ta oilaviy shifokorlik  punkti xodimlari aholimizga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda. 

So‘nggi yillarda shahrimizda tibbiyot sohasida ulkan yutuqlarga erishildi. Quvonarlisi, sohadagi islohotlar natijasida viloyat markazi hamda poytaxtdagina amalga oshiriladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari yuqori texnologiyalar yordamida shahrimizda amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning 10-sentabr sanasida shahrimizda ilk bor buyrak ko‘chirish amaliyoti - buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, shahar tibbiyot birlashmasi qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon tomir kasalliklar bo‘limida 2023-yil davomida 2381 nafar bemor davolanib shundan  552 nafar bemorda yuqori texnologiyalar orqali murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan tashabbuslar va belgilab berilgan vazifalar yuzasidan shahrimizda tibbiyot birlashmasi poliklinikasining yangi 4 qavatli binosi qurilish ishlari boshlandi. Yangidan barpo etilayotgan mazkur 250 qatnovli poliklinika qurilish ishlariga 22 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Zamonaviy ko‘rinishda barpo etilayotgan ushbu tibbiyot maskani barcha talablarga javob beradigan yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan ta’minlanadi. O‘tgan yillar davomida birlashmada reanimatsiya, ko‘p tarmoqli terapiya, ko‘p tarmoqli rejali jarrohlik, bolalar, fizioterapiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, shahrimizdagi tibbiyot birlashmasi negizida 50 o‘rinli tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ham tibbiyot sohasida muhim qadam bo‘ldi. Boisi, zamonaviy qulayliklarga ega markazning ishga tushirilishi shahrimizda   yuqori texnologiyalar asosida murakkab jarrohlik amaliyotlari olib borish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini berdi. 

Qadrli tibbiyot xodimlari!

Bugungi kunda shahrimiz tibbiyot xodimlari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish orqali kombinatning Respublikamiz budjetiga nodir metallar va xalq iste’moli tovarlari yetkazib berishdagi faoliyatiga salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda. Muassasaga joriy yilda murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish orqali aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1 milliard so‘mga tibbiy uskunalar va jihozlar xarid qilindi. Jumladan, buyrak-tosh kasalliklari jarrohlik amaliyotini bajaruvchi uskunalar, ko‘z kasalliklari amaliyotlarini o‘tkazish uchun  eksimerniy lazer, travmatologik amaliyotlar o‘tkazish uchun artroskop apparatlari  o‘rnatildi. Zarafshon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, Yangi Zarafshon, Muruntov, Daugistov oilaviy shifokorlik punktlari “Hyundai”  rusumli  maxsus  avtomobillar hamda kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlanib, tez  tibbiy  yordam  xizmati olis hududlardagi fuqarolar uchun ham sifatli tashkil etilmoqda. O‘z mehnat faoliyatini samarali tashkil etib, shahrimizda fuqarolar sog‘ligini asrash va mustahkamlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan tibbiyot xodimlaridan travmatolog shifokori  Elmurod Axadov, shifokor koordinator Inoyat Hasanov, pediatr shifokori  Mavluda  Sunnatova, qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomirlar kasalliklari markazi  bolalar jarrohi Nu’mon Sharipov, Yangi Zarafshon oilaviy shifokorlik punkti mudiri G‘olib Naimov, stomatologiya shifokori Nurmurad Turabayev, terapevt shifokori Rayxon Nurmatova, Maxfuza Xamidova va soha xodimlarining mehnatlarini e’tirof etamiz.

Aziz do‘stlar, hurmatli shifokorlar va hamshiralar!

Bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki shirin so‘z, qaynoq mehr bilan darddan forig‘ etishga, malham bo‘lishga shoshilgan sizdek jonkuyar insonlar uchun mana shunday e’zozu ehtiromlar yarashadi. El-yurtimiz farovonligi, xalqimiz sihat-salomatligi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan soha xodimlarini Tibbiyot xodimlari kuni — kasb bayrami bilan samimiy tabriklayman. 

Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi bunyodkorlarining sog‘lom va barkamol hayotini mustahkamlashdek sharafli va mas’uliyatli ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman!

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech