Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING 25-OKTABR – ICHKI ISHLAR ORGANLARI XODIMLARI KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Qadrli ichki ishlar tizimi xodimlari!
Hurmatli faxriylar!

 Yurt tinchligi, xalq farovonligi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan siz, azizlarni, kasb bayramingiz - O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. 

Mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli faoliyatingiz yuksak tahsinga sazovordir. Zero, bugungi kunda turli mamlakatlarda kechayotgan ziddiyatli va tahlikali jarayonlar fonida muqarrar tinchlikning naqadar bebaho ne’mat ekanligi va mana shunday ulug‘ ne’matni asrab-avaylash yo‘lida tun-u kun tinim bilmaydigan tinchligimiz posbonlari – siz, azizlar, bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Chunki, Vatanimizdagi osuda hayot, farzandlarimizning tinch-omon unib-o‘sishi, keksalarimizning farog‘atda umr kechirishi mana shu tinchlik va barqarorlik tufaylidir. 

Sana munosabati bilan o‘z kasbiga fidoiy, xalq va davlat manfaatlariga sodiq, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘z aziz hayotini bag‘ishlagan barcha soha xodimlari, harbiy xizmatchilar, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.


Mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar organlarida keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirilishi natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlangan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratildi. 

Shahrimizda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Xususan, soha xodimlarining o‘z oromidan kechib, kunlarni tunga ulab qilayotgan mehnatlari sharofatidan shahrimizda jinoyatlar sodir etilishi kamayib, aholi xavfsizligi ta’minlanmoqda. Shuningdek, shahrimizda sportning voleybol turi bo‘yicha Ichki ishlar boshlig‘i kubogi musobaqalari o‘tkazilib, faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. E’tirof etish joizki, joriy yilning oktabr oyida o‘tkazilgan jamoatchilik so‘rovnomasining viloyat bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra Zarafshon shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Baxtiyorovich “Jamoatchilik bilan hamkorlikni eng yaxshi tashkil etgan tuman (shahar) ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i” nominatsiyasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi. 3-sektor rahbari sifatida shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, ularga yechim topish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni tashkil etilishidagi ulkan mehnatlaringiz samarasi sifatida ushbu yuksak natijaga erishganligingiz bilan o‘z nomimdan va shahar hokimligi nomidan samimiy tabriklayman. 


Aziz tinchligimiz posbonlari


Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga fayz-u baraka, g‘oyat mas’uliyatli va yuksak faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. 

Hurmat bilan, Zarafshon shahar hokimi Nazirbek Rahmanov

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech