Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING BAYRAM TABRIGI

Hurmatli ofitserlar, askar va serjantlar!
Qadrli Qurolli kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Aziz zarafshonliklar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. 

Barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik, g‘oyatda sharafli ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Avvalo, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azmu shijoatli harbiy xizmatchilarni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Mamlakatimizda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi. Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vatanimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi. Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda yurtimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz  chuqur anglaymiz. Bu borada yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan tamoyil asosida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini ta’minlash maqsadida turli ma’naviy ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar,  ko‘rik tanlov va musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Bugun Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashda bilimdon, jismonan va ma’naviy yetuk yigitlarimiz turishibdi. Har bir ofitser, serjant va askarlar o‘zlarining mamlakat  xalq oldidagi konstitutsion burchini yaxshi anglab yetadilar. Ko‘rsatilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli endilikda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishning nufuzi tobora ortmoqda. Bugungi kunda ko‘plab yigitlarimiz milliy armiyamiz safida xizmat qilishga intiladilar. Bularning barchasini Zarafshon shahri yoshlari misolida ham ko‘rish mumkin. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2023-yilgi chaqiruv mavsumida Zarafshon shahar mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan jami 25 nafar yigitlarimiz muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi tizimidagi g‘arbiy qismlarga jo‘natildi. 505-nafar fuqarolarimiz bilan esa safarbarlik-chaqiruv rezervi xizmatiga shartnomalar tuzildi. 

Shahardagi o‘quv yurtlarida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlar sifati yaxshilandi. Navoiy viloyat hokimligi, DXX viloyat boshqarmasi, Navoiy viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Mard o‘g‘lon” harbiy-sport musobaqalarida Alisher Navoiy va Konchilar mahallalaridan tashkil topgan 1-sektor jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagani samarali ishlarimizning yaqqol namunasidir. 

2023-yil yakunlariga ko‘ra, faoliyatida alohida o‘rnak va namuna ko‘rsatganligi uchun Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sherzod G‘ofurov Sudyalar oliy kengashi qaroriga muvofiq “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanishi barchamizni quvontirdi.

Aziz tinchligimiz posbonlari!

Sizning mamlakatimizda tinchlik barqaror bo‘lishi, uning sarhadlari mustahkam qo‘riqlanishi uchun amalga oshirayotgan sharafli ishlaringizni hamisha yuksak baholaymiz. Davlat ahamiyatiga molik muhim obyektlarni, korxonalarni hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab, qo‘riqlab kelmoqdasiz. Ana shu ishlaringiz bilan O‘zbekiston Respublikasining yanada gullab-yashnashiga muhim ulush qo‘shmoqdasiz. 

  Sizlarni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘lik, jangovar va siyosiy tayyorgarliklarda muvaffaqiyatlar, eng asosiysi – oilangizga farovonlik, baxt-iqbol hamisha hamroh bo‘lishini tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech