Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

Zarafshon shahar hokimi Nazirbek Rahmanovning 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha xodimlariga bayram tabrigi


Assalomu alaykum, 
qadrli oʻqituvchi va murabbiylar!
Sharafli kasb egasi boʻlgan Siz, azizlarni, Sizlarning timsolingizda oʻz hayotini yosh avlod tarbiyasidek buyuk ishga bagʻishlagan barcha zahmatkash soha fidoyilarni 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, oʻzimning ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, kamolotida gʻoyat muhim oʻrin tutuvchi soha xodimlari mehnatini eʼzozlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, oʻqituvchilarning jamiyatdagi roli va obroʻsini yanada oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, xalqimiz xohish-irodasini oʻzida aks ettirgan yangilangan Konstitutsiya hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida Yangi Oʻzbekistonda ustoz va murabbiylarning qadr qimmati va jamiyatdagi mavqeyini har tamonlama yuksaltirish hamda mashaqqatli mehnatlarini ragʻbatlantirish borasida ustuvor vazifalar belgilandi va bu davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

 Har bir kishi yuragida ustoz, muallim nomi hamisha chuqur eʼzoz bilan saqlanadi. Ular barchamizning qalbimizni ezgulik yogʻdusi bilan nurafshon etgan aziz insonlardir. Zero, jamiyatning buguni va kelajagi, uning maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy salohiyati taʼlim tizimining nechogʻlik rivojlanganligi bilan belgilanadi. Shu sababli yurtimizda yosh avlod tarbiyasi, taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilib, Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahbarligida dunyo tan oladigan darajada taʼlim tizimida ham islohotlar olib borilmoqda. Taʼlim tizimida bunday islohotlar va yangilanishlarning hayotga toʻla tatbiq etilishi ularning chinakam umummilliy ahamiyat kasb etganini koʻrsatib turibdi. 

Boshlangan yangi oʻquv yilida shahrimizdagi 13 ta umumtaʼlim maktabiga 2127 nafar bolajonlar 1-sinfga qabul qilinib, ularga Prezident sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va oʻquvchilarga taʼlim olish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida isitish va kommunikatsiya tizimlarini taʼmirlash ishlariga 1,2 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. 1-sonli maktabda sunʼiy qoplamali sport maydoni qurib, foydalanishga topshirilishi orqali yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyat yaratildi. Yangi oʻquv yilida homiylik mablagʻlarini jalb qilgan holda 9-sonli maktab oshxonasi kapital rekonstruksiya qilindi. Zamonaviy shart-sharoitlar va oʻqitish tizimiga asoslangan 504 oʻrinli Prezident maktabi huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari kutubxonalarida badiiy adabiyotlar fondini boyitish maqsadida 2022-2023-oʻquv yilida 146 nomda 2548 dona badiiy adabiyotlar olib kelindi. 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilarga ikkinchi xorijiy (koreys) tilini oʻqitish boʻyicha mutaxassis pedagog jalb etilib, sinf xonasi jihozlandi. Shuningdek, ushbu maktabda oʻquvchi-qizlarga kasb-hunar sirlarini oʻrgatish maqsadida 15 ta tikuv mashinalari keltirildi. Shu bilan bir qatorda, shahrimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qulayliklar va shart sharoitlar yaratish borasida ham amaliy ishlar qilinmoqda Xususan, bugungi kunda Zarafshon shahrida 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 3 ta davlat xususiy sherikchilik asosida, 15 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Shahrimizdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrov darajasi qariyb 100 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek ularning moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida joriy yilda 7-, 8-, 9- maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 2 milliard 134 million soʻmlik 23 turdagi zarur mebel jihozlari yetkazib berildi.


Aziz oʻqituvchilar! 

Bugun taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar siz oʻqituvchilarga keng imkoniyat va sharoit yaratish uchun qilinmoqda. Shuni faxr bilan aytamanki, sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingiz tufayli 2022-2023-oʻquv yilida Zarafshon shahri boʻyicha jami 807 nafar bitiruvchi umumtaʼlim maktablarini tamomlab, bitiruvchilarning oliy oʻquv yurtlariga qabul koʻrsatkichi 81 foizni tashkil etmoqda. Shahrimizdagi maktablarda faoliyat yuritib kelayotgan 200 nafar ingliz tili oʻqituvchilaridan 184 nafari (92%) milliy va xalqaro sertifikatlarga ega boʻldi. 29 nafar malakali, taʼlim-tarbiya jarayoni sifatiga alohida hissa qoʻshib kelayotgan pedagog xodimlar Vazir ustamasiga sazavor boʻlishdi. Joriy yilning 8-10-sentabr kunlari Qozogʻistonning Uralsk shahrida sportning sambo turi boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida zarafshonlik sport ustasi Sulton Isoqov faxrli birinchi oʻrinni egallab, jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor boʻldi. Shu oʻrinda aytish joizki, shaxrimizda samarali mehnati bilan yuksak natijalarni egallab kelayotgan soha fidoyilarini eʼtirof etamiz! 

 Shahrimizda taʼlim tizimiga berilayotgan eʼtibor hamda ustoz murabbiylarning yosh avlodga berayotgan yuksak taʼlim tarbiyasi orqali oʻquvchi yoshlar nufuzli musobaqa, koʻrik-tanlov va festivallarda yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Xususan, "Yosh huquqshunos" tanlovining Respublika bosqichida Nigina Yunusova faxrli 1-oʻrinni egalladi. 9-umumtaʼlim maktab oʻquvchisi Ibrohimova Aziza 10-14 yosh toifasida oʻtkazilgan “Yosh kutubxon” Respublika tanlovida 1-oʻrinni egallab, Prezident sovgʻasi - "Spark" avtomashinasi bilan taqdirlandi. Shomurodullayeva Sitora Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan oʻtkazilgan “Boburni anglash” Respublika insholar tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 3-umumtaʼlim maktab oʻquvchisi Jusipova Leyla fan olimpiadasining Respublika bosqichida rus tili fanidan 3-oʻrinni egalladi. Joriy yilning 1-3-iyul kunlari Fargʻonada oʻtkazilgan Oʻzbekiston kubogida grepling sport turi boʻyicha Farrux Saydullayev 1-oʻrinni egallab, oktabr oyida Birlashgan Arab Amirligida oʻtkaziladigan Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. 5 tashabbus sport bilan shiori ostida 12-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari Respublikada 3-oʻrinni egalladi. Joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan Toshkent shahrida sportning ashixara-karate turining kata va kumete yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston kubogida shahrimiz yoshlari faol ishtirok etib, faxrli 2-oʻrinni egalladi. Shuningdek shahrimizdagi 2-, 3-, 4- umumtaʼlim maktablari “Zamonaviy maktab” loyihasida Respublikada yuqori natijalarni qayd etdi. Albatta, ushbu yutuqlar zamirida hurmatli ustozlar, murabbiylarning fidokorona mehnatlari mujassamligini chuqur anglaymiz.

 Fursatdan foydalanib barchangizni yaqinlashib kelayotgan qutlugʻ sana 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni  bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Elimiz farzandlarini tarbiyalash, ularga fan sirlaridan saboq berishdek sharafli ishlaringizda muvaffaqiyat, oilaviy hayotingizda baxt va farovonlik tilayman.

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech