Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

Freedom House «Korrupsiyani tiyib turish» subindikatori bo‘yicha O‘zbekistonga 0 ball qo‘ydi. Bunga asosiy sabablar

Foto: Amir Isayev

2019 yil 23 dekabr kuni prezidentning «Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan tuzilgan Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaning 2019 yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, yig‘ilish bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri, Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaning raisi – Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida bo‘lib o‘tdi.
Komissiya raisi, yig‘ilish ishtirokchilariga prezident farmon va qarorlarida belgilangan ustuvor xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rnining ko‘tarilishi aholi farovonligida katta ahamiyat kasb etishi va davlat idoralarning faoliyatini ushbu reyting va indekslarning talablari, baholash mezonlaridan kelib chiqqan holda yuritish maqsadga muvofiqligini ta'kidladi.
Yig‘ilish davomida Komissiyaning yil davomida ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha bajargan ishlari muhokama qilindi va kelgusi yil uchun Komissiya faoliyatining yo‘nalishlari va rejalari belgilab olindi.
2019 yil davomida ustuvor xalqaro reyting va indekslarga biriktirilgan qator vazirlik va idoralarda ixtisoslashgan tarkibiy bo‘linmalar tashkil etildi, Jahon banki, BMT Rivojlanish dasturi, Jahon iqtisodiy forumi, xalqaro reyting agentliklari kabi reyting beruvchi tashkilotlar bilan muloqot o‘rnatilishiga erishildi.
Bundan tashqari, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash jarayonining samaradorligi va natijaviyligini ta'minlash maqsadida, xalqaro reyting konsultantlari va ekspertlari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatildi, O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini ustuvor xalqaro reyting va indekslarda aks ettirish va yanada yaxshilash uchun quyidagi ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejalari bo‘yicha ishlar amalga oshirilib kelmoqda:
vazirlik va idoralarning tashabbuskorligini oshirish bo‘yicha;
IHTTning mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash tizimida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha;
siyosiy-huquqiy reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha;
iqtisodiy reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha;
Global raqobatbardoshlik indeksida O‘zbekistonning o‘rnini aks ettirish bo‘yicha;
Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va xususiy sektorda raqobatni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.
Shu bilan birga, yig‘ilish davomida mamlakatimizning 2019 yilda xalqaro reyting va indekslarda egallagan o‘rni tahlil qilindi.

Reytinglar 2019 yilda 2018 yil uchun baholangan.
O‘zbekistonning «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»da qo‘lga kiritgan ball miqdori 22 balldan 23 ballga o‘sganligiga qaramasdan, respublikaning indeksdagi o‘rni 1 pog‘onaga tushdi. Buning asosiy sababi Tojikiston va Eritreya davlatlarining indeksdagi natijalari mos ravishda 21 balldan 25 ballga hamda 20 balldan 24 ballga o‘sib, 161-o‘rindan 152-o‘ringa va 165-o‘rindan 157-o‘ringa ko‘tarilganligidir.
«Korrupsiyani tiyib turish» subindikatori bo‘yicha Economist Intelligence Unit va Freedom House tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonga «0» ball qo‘yilgan. Bunga asosiy sabablar:
fuqarolar turar joylarining buzilishi;
mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari buzilishi holatlari jazosiz qolayotganligi;
joylarda maishiy korrupsiyaning mavjudligi;
sud tizimida qonuniylik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi.
Yig‘ilishda Komissiya a'zolari va mas'ul tadqiqot institutlarining hisobotlari eshitilib, ularga ushbu jarayonni jadallashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Alohida e'tibor qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining amaliyotda yetarli darajada tatbiq etilmayotganligi, reyting beruvchi tashkilotlarga respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar etib bormayotganligi hamda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etishga qaratildi.
Yig‘ilish yakunida 2020 yilda amalga oshirilish zarur rejalarni, xususan, respublika aks ettirilmagan ustuvor xalqaro indekslarga kirish ishlarini jadallashtirish, mavjud muammolarni hal etish takliflarini ishlab chiqish, «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda» yagona portalini yaratish, xalqaro reyting va indekslarga ta'sir etuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va chora-tadbirlar rejalarini ekspertizadan o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, 2030 yilgacha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, 2020 yil davomida ommaviy axborot vositalari va nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari uchun xalqaro reyting va indekslarning mohiyatini yoritib beruvchi seminar-treninglar tashkil etishni amalga oshirishga kelishildi.
Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech