DataLife Engine / Prezident Abdulla Qodiriy maktabiga tashrifi davomida «Turon» kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdi

Prezident Abdulla Qodiriy maktabiga tashrifi davomida «Turon» kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdi



Bugun, 26 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yangi qurilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib ko‘rdi.
Ijod maktabi va muzey buyuk adib, o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldida barpo etilgan.

Adib muzeyiga kiraverishda «Turon» kutubxonasi ham joylashgan. Bir asrdan ortiq tarixga ega va o‘zbek xalqining ulkan merosi «Turon» kutubxonasi haqida eshitganlar o‘quvchilarimiz orasida ham bo‘lsa kerak. Quyida milliy ko‘rinish va zamonaviy imkoniyatlar bilan faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilgan kutubxona haqida ayrim ma'lumotlar va suratlarni sizga ilindik.
Yangi kutubxona – zamonaviy qulayliklar

Milliylik an'analari va zamonaviy imkoniyatlar uyg‘unligi asosida qurilgan yangi kutubxona fondida jami 392 045ta kitob mavjud.
Foydalanuvchilarga zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida AKM elektron kitoblar bazasiga 2019 yil davomida 15073 nomda elektron nashrlar va 140 nomda audio kitoblar kiritilgan.


«Turon» axborot-kutubxona markazida 7ta bo‘lim faoliyat olib boradi:
·       ilmiy-uslubiy bo‘lim;
·       axborot-bibliografiya bo‘limi;
·       o‘lkashunoslik sho‘'basi;
·       huquqiy axborot sho‘'basi;
·       axborot-kutubxona hujjatlarini butlash bo‘limi;
·           kataloglashtirish va axborot bo‘limi;
·           kutubxona hujjatlariga ishlov berish bo‘limi.

Kutubxonada 1918 yildan buyon nashr qilingan gazetalar jamg‘armasi, shuningdek, hozirgi kunda chop etilayotgan 70 nomga yaqin davriy nashrlar yig‘ib boriladi.
Eski shahardagi yangi qurilishlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev kutubxona faoliyati bilan tanishdi va shu yerning o‘zida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan muloqot qildi.

Muloqot davomida Shavkat Mirziyoyev «Turon» kutubxonasining qayta tashkil etilishi sabablariga to‘xtalib o‘tdi.
«Biz nega poytaxtning «Eski shahar» qismida Islom sivilizatsiyasi markazi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, muzey va kutubxonalarni qayta tashkil qilyapmiz? Sababi – biz poytaxtga ilm qaynagan ruhni, fayzni qaytarishimiz va shu orqali o‘zligimizni to‘laroq anglashimiz kerak.
To‘g‘risini aytsam, «Turon»ni avvalgi holatiga, yana ziyo maskaniga aylantirish mening katta orzularimdan biri edi.
Ilmga, adabiyotga, ma'naviyatga e'tibor qilmay turib, iqtisodiyotimizni hech qachon rivojlantirolmaymiz», – dedi prezident.
«Turon»ga doimiy sayohatlar

Prezident «Turon» axborot-kutubxona markazi aholining sevimli maskanlaridan biriga aylanishi kerakligini ta'kidladi.
«Kutubxonaga poytaxtdagi mahalla raislari va faollari ham tez-tez kelib turishi, kutubxona fondidagi kitoblarni mutolaa qilish orqali buyuk tariximiz bilan tanishishi hamda uni aholiga yetkazishi kerak. Bu kutubxona o‘quvchilar uchun ilm, ma'naviyat va qadriyatlar ifodasi bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
105 yillik tarixga ega kutubxona

«Turon» kutubxonasi 1914 yilda, ma'rifatchilar Abdulla Avloniy va Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan bir guruh ziyolilar tomonidan «Turon» nomli madaniy-ma'rifiy jamiyat sifatida tashkil qilingan.



Albatta, jamiyat o‘z nizom va dasturlariga ega edi. Ana shu dasturdagi eng muhim masalalardan biri – kutubxona tashkil qilib, qiroatxona ochish bo‘lgan. Biroz o‘tib kutubxona qoshida qiroatxona paydo bo‘ladi. 1917 yilda shu jamiyat a'zolari – Abdulla Qodiriy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Yusuf Aliyev va boshqa bir qator ma'rifatparvar insonlar o‘z xususiy kitoblarini sovg‘a qilib, kutubxonalarini kengaytirdilar. Natijada yaxshigina kitob xazinasiga ega kutubxona va qiroatxona paydo bo‘ladi.





27-12-2019, 03:03
Вернуться назад