Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

Shahar hokimi Nazirbek Raxmanovning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Shahar hokimi Nazirbek Raxmanovning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan BAYRAM TABRIGI 
 
Hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar!
Sharafli kasb egasi bo‘lgan Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasidek buyuk ishga bag‘ishlagan barcha zahmatkash soha fidoyilarini 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman. 
Har bir kishi yuragida ustoz, muallim nomi chuqur e'zoz bilan saqlanadi. Ular barchamizning qalbimizni ezgulik ziyosi bilan nurafshon etgan zotlardir. Aynan shu tufayli mamlakatimizda ma'rifat ahlining sharafli mehnatini qadrlash, e'zozlash masalasi doimo e'tiborda. Jahonda kamdan kam mamlakatda uchraydigan ana shunday bayramning ta'sis etilishi ziyolilarimizga, ularning eng katta va faol qismi bo‘lgan ming-minglab jonkuyar o‘qituvchi va muallimlar, ustoz hamda murabbiylarga bo‘lgan ehtiromning yorqin ifodasidir. Muhtaram Yurtboshimiz e'tirof etganlaridek: “Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning taqdirini, O‘zbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani mas'uliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi”. 
Bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida yosh avlod ta'lim tarbiyasi, kamolotida g‘oyat muhim o‘rin tutuvchi soha xodimlari mehnatini e'zozlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi roli va obro‘sini yanada oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, xalqimiz xohish-irodasini o‘zida aks ettirgan yangilangan Konstitusiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida Yangi O‘zbekistonda ustoz va murabbiylarning qadr-qimmati va jamiyatdagi mavqeyini har tomonlama yuksaltirish hamda mashaqqatli mehnatlarini rag‘batlantirish borasida ustuvor vazifalar belgilandi va bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 
Birgina shahrimiz misolida oladigan bo‘lsak, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtirilib, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan oliy toifali o‘qituvchilarimiz soni oshib bormoqda.
“Qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025-yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ming dollarga yetkazamiz”, - degan edilar Muhtaram Prezidentimiz. 2023-2024-o‘quv yilida shahrimiz umumta'lim maktablarining 11 nafar o‘qituvchilari Vazir ustamasiga loyiq topilgani ana shu islohot va e'tiborning yaqqol namunasi, deb bilaman.
O‘tgan o‘quv yilida 400 nafar yuqori sinf o‘quvchilarimiz xorijiy tildan Xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi  maktab” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etgan 10-sonli maktabning  5 nafar o‘quvchilari Angliyaning  London shahriga 7 kunlik ta'lim sayoxatini qo‘lga kiritib, noyabrь oyida jo‘nab ketish arafasida turibdi. 
Fursatdan foydalanib, ana shu yoshlarimizning ustozlariga, ota-onalariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman va   ularga O‘zbekiston nomini, Zarafshonning mavqeini dunyoga tanitishda ulkan zafarlar tilayman! 
Shuningdek, ayni kunlarda “Zo‘r klass” loyihasi doirasida bir nafar filippinlik xorijiy til egasi o‘zaro tajriba almashish maqsadida shahrimizdagi 12-sonli maktabda o‘z ishini boshladi.
 
Oxirgi 3 yilda bitiruvchilarimizning Oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichi viloyat va Respublikada yuqori natijalarni qayd etishi ham Zarafshon shahrida ta'lim tizimi to‘g‘ri maqsadlar sari yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. 
 
2023-2024 o‘quv yilining o‘zida 1 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 1 ta davlat xususiy sherikchilik asosida, 10 ta Oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti yangidan barpo etilgan bo‘lsa, 5,2 mlrd. so‘m mablag‘lari evaziga 5 ta maktabda joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 
Shu o‘rinda aytib o‘tish joyizgi shahrimizda 20 yillik davr mobaynida 13,6 mlrd. so‘m   mablag‘lari evaziga 990 o‘rinli yangi zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.
Aziz muallimlar va ustozlar! 
Albatta, ushbu yutuqlar zamirida hurmatli ustozlar, murabbiylarning fidokorona mehnatlari mujassamligini chuqur anglaymiz. Ana shunday fidoyi muallimlar, ustozlar shahrimizdagi ilm dargohlarida ko‘plab topiladi. 
1-sonli maktab direktori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Zoya Baxranova, mazkur maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, Xalq ta'limi a'lochisi  Svetlana Stepanova, 3-sonli maktabning rus tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni sovrindori Anjelika Shilova, 4-sonli maktabning  qozoq tili va adabiyoti o‘qituvchisi, Xalq ta'limi a'lochisi Raxila Sundetova, 13-sonli umumta'lim maktabi o‘qituvchisi Ma'mura Boboqandova, faxriy ustozlarimizdan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sovrindori Sayyora Rahmatova, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohibi Sharifa Xidirova, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Kunel Masimova, chempionlarni tarbiyalayotgan sport murabbiylari Chingiz Taxmazov va boshqa o‘nlab kishilar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari 2024-yilda shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari M.Tursunova Xalq ta'limi a'lochisi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Aziz o‘qituvchi va murabbiylar!
Fursatdan foydalanib barchangizni yaqinlashib, kelayotgan qutlug‘ sana 1 oktyabrь – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Elimiz farzandlarini tarbiyalash, ularga fan sirlaridan saboq berishdek sharafli ishlaringizda muvaffaqiyat, oilaviy hayotingizda baxt va farovonlik tilayman.
Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech